«O‘zcharmsanoat» uyushmasi va Afg‘oniston charm-poyafzal sanoati vakillari o‘rtasida videomuloqot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA. Onlayn anjumanda O‘zbekiston tomonidan «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi o‘rinbosari F.Nurmuhammedov, O‘zbekiston Respublikasining Kobuldagi elchisi Yo.Shodmonov, Mazori-Sharif shahridagi konsuli J.Fattoyev, Afg‘oniston tomonidan Afg‘oniston savdo va investitsiyalar palatasi raisi o‘rinbosari Sh.Atoiy, Afg‘oniston savdo va investitsiyalar palatasi raisi o‘rinbosari X.Mayel, Afg‘oniston xalqaro savdo palatasi raisi H.Fazli, Afg‘oniston savdo va investitsiyalar palatasi Balx viloyat bo‘limi raisi A.Yunusiy, Afg‘oniston poyafzal ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi M.Jomiy va ushbu sohasida faoliyat yurituvchi bir qator xususiy shirkatlar rahbarlari ishtirok etishdi. Muzokaralar avvalida mamlokatimiz elchisi so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va kelajagi borasida atroflicha maʼlumot berdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Afg‘onistonda 630dan ziyod davlat va xususiy shirkatlari faoliyat yuritib, ular tomonidan har yili 21 mln juft poyafzal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, yiliga 42 million juft poyafzal uchun tayyor charm mahsulotlariga mamlakatda ehtiyoj mavjud. Afg‘onistonda yiliga 1,1 mln dona hayvon terisi tayyorlash imkoni mavjud. Bu sohada faoliyat yuritgan fabrika va zavodlar esa maʼnan eskirgan. Natijada, Afg‘onistonda yetishtirilgan hayvon terilarining 90% qayta ishlash uchun xorijiy davlatlarga, jumladan Pokistonga jo‘natiladi. Qayta ishlangan xom ashyo esa Afg‘onistonga bir necha barobar qimmat narxlarda qaytarib olib kiriladi.
Taʼkidlanishicha, Afg‘oniston tijoratchilari tomonidan har yili xorijiy davlatlardan qariyb 18 mlrd afg‘oniy ($233,4 mln) miqdorida poyafzal import qilinadi. Afg‘onistonda yetishtirilgan teri mahsulotlarini qo‘shni O‘zbekiston korxonalarida qayta ishlash va Afg‘onistonga olib kirish nisbatan arzonga tushadi va mamlakatda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga imkon yaratadi. Qorako‘l terilarini xorijiy davlatlar bozorlariga zamonaviy standartlar asosida yetkazib berishda ham muammolar mavjud va bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi tadbir ishtirokchilari tomonidan taʼkidlandi.
Afg‘onistonlik mutaxassis va ishbilarmon doiralari vakillarining charm-poyafzal va qorako‘lchilik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator takliflari O‘zbekiston tomoniga taqdim etildi.
Вам может быть интересно: «ВОЗ назвала препарат для лечения тяжелых форм коронавируса»