Shavkat Mirziyoyev “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorga muvofiq, 2020-yilning sentabr oyida aholining quyidagi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:
- moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga;
- nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga.
Yuqorida sanab o‘tilgan aholi qatlamlari uchun nazarda tutilgan bir martalik moddiy yordam miqdori har bir 16 yoshga to‘lmagan bola uchun 500 ming so‘mni tashkil etadi. Bunday moddiy yordam bilan 810 mingdan ortiq bolalar qamrab olinadi, buning uchun 400 mlrd so‘m miqdorida budjet mablag‘lari sarflanadi.
Vazirlar Mahkamasiga belgilangan bir martalik moddiy yordam uchun zarur mablag‘larni Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutilgan hamda boshqa qo‘shimcha manbalar hisobidan amalga oshirish haqida ko‘rsatma berilgan.
Qaror ijrosini nazorat qilish bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov, Behzod Musayev, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklatilgan.
Qayd etilishicha, ushbu hujjat “xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini namoyon etgan ‘Saxovat va ko‘mak‘ umumxalq harakatini davom ettirish hamda moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida” qabul qilingan.