«O‘zeltexsanoat» uyushmasi vakillari Hindistonning «KMG WIRES AND CABLES PVT LTD» kompaniyasi bilan videomuloqot o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA. Videomuloqotda tomonlar kabel-sim va mis mahsulotlarini Hindiston bozoriga eksport qilish yo‘llari bo‘yicha muzokara olib bordi.
«KMG WIRES AND CABLES PVT LTD» kompaniyasi 2011 yilda tashkil etilgan bo‘lib, maishiy va sanoat maqsadlarida foydalanish uchun yuqori darajadagi egiluvchan kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqaradi. Kompaniyaga mis xomashyosi asosan import asosida kirib keladi va qayta ishlanadi. Korxona misni Malayziya, Indoneziya (qator Osiyo davlatlaridan) xarid qiladi. Misga bo‘lgan yillik talab 3 ming tonnani, oyiga esa 250 tonnani tashkil qiladi. Ishlab chiqarish jarayoni 56 ming kvadrat metr maydonda amalga oshiriladi.
Kompaniya vakili Rishab Gandining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya aksariyat xomashyoni import asosida olib keladi. Demak, kompaniyaga sifatli va eksportbop mis xomashyosi zarur. Uning fikricha, bu yo‘nalishda O‘zbekistonda yetarli tajriba mavjud.
Muzokaralar chog‘ida hindistonlik hamkorlarga uyushma tarkibidagi kabel-sim mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, ularning eksport salohiyati, misni qayta ishlash imkoniyatlari xususida batafsil maʼlumot berildi.